Rossiyaga ketayotgan migrantlar uchun ruxsatnomalar olish tartibini O‘zbekiston hududiga o‘tkazish masalasini ishlab chiqish tezlashtiriladi. Shuningdek, patent uchun to‘lov ish beruvchi hisobidan qoplanishi rejalashtirilmoqda. Rus tilidan imtihonni ham Toshkentda topshirish mumkin bo‘ladi.
Janubiy Koreyaga ishga yuborilgan o‘zbekistonliklar orasida shartnomadagi ish joyini tashlab ketish holatlari ko‘p uchrayapti. Hozir u yerdagi O‘zbekiston fuqarolarining 9,6 foizi nolegal maqomida. Migratsiya agentligiga ko‘ra, “agar ko‘rsatkich 10 foizga yetsa, Koreya biz bilan migratsiya aloqalarini to‘xtatishi mumkin”.
Hozirda 1,3 mln nafardan ziyod o‘zbekistonlik xorijda mehnat qilyapti. Migratsiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, ularning 600 ming nafari Rossiyada, qolgan aksariyati Qozog‘iston va Turkiyada. Tahlillarga ko‘ra, ushbu 1,3 mln fuqaroning 20 foizini ayollar tashkil etadi — muhojir xotin-qizlar soni kamaygan.
O‘zbekistondagi 14 ta tibbiyot texnikumi 2025-yildan nemis standartlari asosida o‘qitishni boshlaydi, chunki, Migratsiya agentligiga ko‘ra, “Germaniya ish beruvchilari O‘zbekistondan to‘xtovsiz hamshiralar so‘rayapti”. 3 yillik o‘qishdan so‘ng bitiruvchilarga nemis tili bo‘yicha B2 sertifikati va xalqaro diplom beriladi.
Bandlik vazirligi 2024-yilda Kanada 5 mingta bo‘sh ish o‘rni taklif etayotganini e’lon qilgandi. Migratsiya agentligiga ko‘ra, shundan so‘ng ishlash uchun 35 ming o‘zbekistonlik qiziqish bildirgan. Ulardan 100 nafar nomzodning ma’lumotlari Kanada tomoniga taqdim etilgan. Ammo nomzodlarning barchasi rad qilingan.
10-yanvarda Angliyaga mavsumiy ish o‘rinlari uchun tanlov o‘tkazildi. Ammo 3 millionga yaqin o‘zbekistonlik qiziqish bildirgan tanlov natijalari ko‘p o‘tmay bekor qilindi. Migratsiya agentligi bunga texnik muammolarni sabab qilib ko‘rsatdi. Angliya kompaniyasi esa jarayonga uchinchi shaxslar aralashganini ta’kidlamoqda.
O‘zbekiston hukumati 2025-yilda 200 mingdan ortiq fuqaroni ish haqi yuqori bo‘lgan mamlakatlarga ishga joylashtirishni rejalashtirmoqda. Bosh vazir Abdulla Aripov kasbiy mahorat va chet tillariga o‘qitish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilishini ta’kidladi.
Yangi tashkil etilgan Migratsiya agentligi 2026-yilgacha fuqarolarni xorijga yuborish va ishga joylashtirish bilan bog‘liq funksiyalarini xususiy bandlik agentliklariga o‘tkazadi. Ish takliflari ochiq e’lon qilinadi, saytda rezyume shakllantirish imkoni paydo bo‘ladi. Migrantlarga 10 mln so‘mgacha mikrokredit beriladi.
Prezident Toshkent viloyatiga tashrifi chog‘ida xorijda ishlayotgan o‘zbekistonliklar haqida gapirdi. “Agar ular 1500−2000 dollar olsa, bu nur ustiga a’lo nur, biz ularga ko‘makchi bo‘lamiz. Lekin undan kam oylik olsa, o‘zimizda sharoit yaratib ishlatsak, o‘ylaymanki, adolatli tizim bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Germaniya temiryo‘llarida (Deutsche Bahn) ishlamoqchi bo‘lgan fuqarolar O‘zbekistonning o‘zida nemis standartlari asosida germaniyaliklar tomonidan kasb va tilga o‘qitiladi. Imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tganlar ishga joylashtiriladi.
Prezident va Germaniya kansleri muzokaralar o‘tkazdi. Unda tomonlar migratsiya bitimini imzoladi. Qolaversa, Boshqaruv kadrlarini tayyorlash qo‘shma maktabi ishga tushirilmoqda. Shavkat Mirziyoyev Lufthansa aviakompaniyasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni qayta yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.
RF davlat dumasining “Adolatli Rossiya — Haqiqat uchun” fraksiyasi rahbari Sergey Mironov “Markaziy Osiyo davlatlari” aholisiga RF fuqaroligini berishga 2026-yilgacha moratoriy joriy etishni taklif qildi. Uning fikricha, “gasterbayterlarni ommaviy pasportlashtirish korrupsionerlar mafiyasi uchungina foydali”.
Yaqinda O‘zbekistonning Vladivostokdagi bosh konsuli bo‘lgan Yusup Kabuljanov o‘z vazifasini bajarishga kirishdi. U Primorsk o‘lkasi ombudsmani va IIV vakillari bilan uchrashdi, ular bilan mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik qilish, shuningdek, fuqarolar huquqlarining buzilishi holatlarini muhokama qildi.
Yaponiya qurilish kompaniyasi 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan quruvchilarni qidirmoqda. Migratsiya agentligi O‘zbekiston fuqarolari bir qator talablarga javob bersa, ishga joylashish uchun murojaat qilishlari mumkinligi haqida xabar berdi. Soliq va sug‘urtalardan keyingi “sof” ish haqi 16 mln so‘mgacha bo‘ladi.
Ish haqi Rossiyadagi maoshlar bilan raqobatlasha oladigan O‘zbekistonda qurilish sanoatining rivojlanishi ushbu mamlakatga mehnat muhojirlari oqimining yanada qisqarishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakili ma’lum qildi.
O‘zbekiston Janubiy Koreya hukumati bilan uzoq muzokaralar o‘tkazib, o‘zbekistonliklarni mavsumiy ishlarga jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi. 2021-yilda Koreya ko‘plab fuqarolar mehnat shartnomalarini buzgani va belgilangan muddatda mamlakatni tark etmagani uchun ishga qabul qilishni to‘xtatgandi.
Bandlik vaziri Behzod Musayev eng kam ish haqi 1500−3000 dollarni tashkil etuvchi rivojlangan mamlakatlarda mehnat resurslariga talab yuqori ekani haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashqi mehnat migratsiyasi O‘zbekiston fuqarolariga yangi kasb va standartlarni o‘rganish imkoniyatini beradi.
Germaniyada mingdan ortiq shifoxonada tibbiyot xodimlari yetishmayapti, shuningdek, metallni qayta ishlash, logistika va transportda ishchi kuchiga talab mavjud. O‘zbekiston bu bo‘shliqni to‘ldirishga tayyor. Bu haqda bandlik vaziri va Mangold Consulting kompaniyasi prezidenti o‘rtasidagi uchrashuvda so‘z bordi.
Isroil G‘azo sektoridagi mojaroning kuchayishi ortidan ishchi kuchi tanqisligiga duch keldi. Rasmiylar qurilish sohasidagi falastinliklar o‘rnini O‘zbekiston, Hindiston va Shri-Lanka migrantlari hisobiga to‘ldirishni rejalashtirmoqda. Uchta davlatdan umumiy hisobda 65 ming ishchi kelishi kutilmoqda.
O‘zbekiston va Isroil hukumatlari o‘rtasida o‘zbekistonlik ishchilarni Isroil mehnat bozorining maxsus sektorlarida vaqtincha ish bilan ta’minlash to‘g‘risida bitim imzolandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting